Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Hamkorlik aloqalari faol rivojlanmoqda

19 Oktyabr 2026, 23:06

33

O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarida ta’lim, ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro tajriba almashish muhim o‘rin egallaydi.

Bu borada Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Xitoy jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan izchil aloqalarni alohida ta’kidlash joiz. Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik memorandumi doirasida o‘ndan ziyod ta’lim dasturlari amalga oshirildi. Universitet vakillari uchun tashkil qilingan navbatdagi o‘quv kursi ham manfaatli aloqalarning amaliy ifodasi deyish mumkin.

O‘quv kursining ochilishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov ishtirok etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga alohida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Xitoy davlatlarini tarix sinovidan o‘tgan mustahkam rishtalar bog‘lab turadi. Keyingi yillarda o‘zaro aloqalar keng ko‘lam kasb etib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Hozirgi global sharoitda har ikki mamlakat strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilib kelayotgan ishonchli hamkorlardir.

O‘z navbatida, Xitoy jamoat xavfsizligi universiteti delegatsiyasi rahbari Liu Yezi mamlakatimizga tashrif buyurganidan mamnunligini qayd etdi.

Uning e’tiroficha, xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik bugungi munosabatlarda mustahkam poydevor bo‘lmoqda. O‘zaro aloqalarning izchil rivojlanishida oliy darajadagi davlat tashriflarining ahamiyati beqiyos. Ushbu tashriflar o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashda, hamkorlikning yangi istiqbollari va yo‘nalishlarini ochishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu kunning o‘zida universitet vakillari akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga o‘quv dargohining tarixi va rivojlanish bosqichlari, kadrlar tayyorlashning zamonaviy imkoniyatlari, ta’lim jarayoniga joriy qilingan ilg‘or yondashuvlar va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Aytish joizki, o‘quv kursi 30-oktyabr kuniga qadar davom etadi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech