Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

FAXRIYLAR O‘GITI – KAMOLOT MAKTABI

04 Noyabr 2021, 05:11

864

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” yoshlarni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.

“Yangi O‘zbekiston ‒ yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda ibratli hayoti bilan yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida kamol toptirishga hissa qo‘shayotgan faxriylar ishtirok etdi.

Yoshlar bilan muloqot chog‘ida tizimning o‘ttiz yillik shonli tarixi, rivojlanish bosqichlari, o‘tgan davr mobaynida ichki ishlar organlarini tubdan takomillashtirish, soha hodimlari va faxriylarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xususan,  tizimni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan professional kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z bordi.

  – Mustaqillikning dastlabki yillari ichki ishlar faoliyatini tashkil etish juda murakkab kechgan edi, – dedi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov. – Bir tomondan, yosh mustaqil respublikamizda huquq-tartibotni mustahkamlash, boshqa tomondan, milliy mustaqilligimizni izdan chiqarishga qaratilgan xavf-xatarlar bilan kurashishga to‘g‘ri kelgan. Murakkab paytda ichki ishlar idoralarining faoliyati avj olgan jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishlarini oldini olishga yo‘naltirildi. Quvonarlisi, yurtimiz osoyishtaligini asrash yo‘lida ulkan matonat bilan xizmat qilgan hamkasblarimiz bugun o‘zining boy tajribasini yoshlarga o‘rgatib kelmoqda.

Darhaqiqat, unib-o‘sib kelayotgan navqiron avlod kamolotida tizim faxriylarining saboqlari muhim tarbiyaviy vosita sanaladi. Uchrashuvda so‘z olganlar ko‘p yillik samarali mehnatlari, yaxshi amallari va kasbiga sadoqati bilan sharafli yo‘lni bosib o‘tgan iste’fodagi general-mayor Telmon Murodxo‘jaev haqida iliq mulohazalar bildirishdi.

– Ustozimiz hayotda ham, xizmatda ham mashaqqatlar yukini ko‘tara olgan inson, – dedi Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov. – Aslida, kasb mas’uliyatini yurakdan his qilib, barcha qiyinchiliklarga bardosh berish, bu yo‘lda o‘z hayotini baxshida etish kishidan ulkan ma’naviy jasoratni talab qiladi. Telmon aka zamondoshlari va kelgusi avlod uchun chinakam o‘rnak bo‘la oldi, shogirdlarining hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashiga munosib hissasini qo‘shdi.

“Uch avlod uchrashuvi”da Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov, IIV Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi general-mayor Erkin Norgitov, iste’fodagi general-leytenant Bahodir Matlyubov, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Ravshan Haydarov va boshqalar so‘zga chiqdi. Jamiyatda keksa avlod vakillarini qadrlash orqali “ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish, soha fidoyilarining boy amaliy tajribasidan yoshlarni ko‘proq bahramand etish muhim vazifa ekanligi e’tirof qilindi.

Ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, kursantlar, akademik litsey o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda Telmon Murodxo‘jaev “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko‘krak-nishoni bilan taqdirlandi. Uning kasb faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Osoyishtalik ortidagi tikanli yo‘l” hujjatli filmi yoshlar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘tadi.

 

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech