Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning payshanba kuni mamlakatimizda Yoshlar kuni deb e’lon qilingan edi.
Shu munosabat bilan IIV akademiyasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazilib, turli jabhalarda yutuqlarga erishayotgan yosh avlod vakillari bilan muloqot qilindi.
Tadbir avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, bu boradagi ustuvor vazifalar barcha darajadagi rahbarlardan yanada mas’uliyat talab etishini alohida ta’kidladi.
– Prezidentimiz o‘z chiqishlarida yoshlarga hamisha katta ishonch va umid bildiradilar. Galdagi muloqot ham yoshlarimiz taqdirida ulkan imkoniyatlar davrini boshlab berdi. Eng muhimi, uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar, hayotga tatbiq qilingan yangi mexanizmlar yoshlar masalasi O‘zbekistonning uzoqni ko‘zlagan, strategik yo‘nalishlaridan biri ekanligini yana bir bor namoyon etdi, – dedi akademiya boshlig‘i.
Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib yosh xodimlar va kursantlar bilan manzilli ishlash tizimini takomillashtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, iqtidorli yoshlar safini kengaytirish, ta’lim-tarbiya jarayonlarida ularning faolligini oshirish, mahallalar, o‘quv maskanlarida “tengdosh – tengdoshga” tamoyili asosida uchrashuvlar tashkil etgan holda hayotda o‘z o‘rni topishga qiynalayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida yoshlar qatlami vakillari ham so‘zga chiqib, fikr-mulohazalari, takliflari, kelgusidagi amaliy rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Bildirilgan g‘oya va tashabbuslar asosida aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida akademiya boshlig‘i yoshlarni tashabbuskor va fidoyi bo‘lishga chaqirib, ulardan bir guruhini rag‘batlantirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati