Bugun IIV akademiyasida “CT TECH+” dasturining taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir BMT Aksilterror boshqarmasi huzuridagi Terrorizmga qarshi kurashish markazi, Interpol xalqaro tashkiloti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan o‘tkazildi.
Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, “CT TECH+” dasturi Yevropa Ittifoqi ko‘magi bilan BMTning Kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar bo‘yicha global dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur terrorizmga qarshi kurashga yo‘naltirilgan milliy strategiyalarni mustahkamlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning texnologik imkoniyatlarini oshirish, yangi texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, dastur mutaxassislarni sun’iy intellekt, ochiq manba razvedkasi, shuningdek, kiberterrorizm va darknetdagi noqonuniy operatsiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitishni o‘z ichiga oladi.
Xalqaro va mahalliy ekspertlar, soha mutaxassislari, manfaatdor tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etgan tadbirda “CT TECH+” dasturining ahamiyati hamda 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati