Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonining ochilish marosimida yozuvchi va shoirlarning ibratli umr yo‘li haqida filmlar yaratish tashabbusini ilgari surgan edi.
Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Kinematografiya agentligi hamda oliy ta’lim muassasalari hamkorligida 24 ta film suratga olindi. “Xalq yuragi” turkumi ostida yaratilgan filmlarda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ogahiy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf kabi adiblarning hayoti va ijodi yoritildi.
Kuni kecha Adiblar xiyobonida eng yaxshi hujjatli film ijodkorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Taniqli madaniyat va san’at arboblari, kinoijodkorlar, oliy ta’lim muassasalari vakillari, jurnalist va bloggerlar ishtirok etgan tadbirda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu loyiha keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olingani alohida ta’kidlandi.
Marosimda “Media Illusion” studiyasi hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamkorligida ishlangan “Cho‘lpon. Qush esdaligi” filmi eng yaxshi hujjatli film, deya e’tirof etildi. Film rejissyori Husan Rashidovga bosh sovrin – “Chevrolet Cobalt” avtomobili topshirildi. Shu kuni Kinematografiya agentligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga ham esdalik sovg‘alari topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati