Adiblar xiyobonida Abdulhamid Cho‘lpon hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sayyor mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda IIV Akademiyasining O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchilari hamda kursant yoshlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, ma’rifatparvar adib ijodida tarjima san’ati ham alohida o‘rin egallaydi. Cho‘lpon tarjimalari qatorida Pushkinning “Boris Godunov” va “Dubrovskiy” Shekspirning “Hamlet”, Molyerning “Xasis”, Gossining “Malikai Turandot”, Tretyakovning “Hayqir, Xitoy”, Faykoning “Portfellik kishi”, Gogolning “Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich o‘rtasidagi nizolar hikoyati” hamda boshqa asarlarni qayd etish joiz. Bundan tashqari, shoir Sharq va G‘arb she’riyatining sara namunalarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
Sayyor mashg‘ulotda Cho‘lponning o‘ziga xos ijod yo‘li, yuksak tarjimonlik mahorati, o‘zbek va jahon adabiyoti aloqalarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi. Tadbir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyida bo‘lib o‘tgan qiziqarli davra suhbatiga ko‘chdi. Taniqli shoira Farog‘at Xudoyqulova bilan muloqot chog‘ida kursantlar ushbu maskandan o‘rin olgan tarixiy material va eksponatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar olishdi. Ayniqsa jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti va ijodini aks ettirgan lavhalar ulkan taassurot qoldirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati