Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Buxorolik o‘quvchilar akademiyaga keldi

10 Aprel 2026, 21:58

63

IIV akademiyasida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” Buxoro akademik litseyi o‘quvchilarida kelajakka havas va vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otuvchi tadbir bo‘ldi.

Tadbir oldidan sinfxonalar, sport zallari, o‘quv tezkor-tergov guruhlari uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari va boshqa obyektlar tayyor holga keltirildi. O‘quvchilar ikki tomoni yam-yashil archalar bilan o‘ralgan yo‘l oralab Axborot-resurs markazi, saf maydoni, o‘quv auditoriyalari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, sport majmuasi, Harbiy tayyorgarlik kafedrasi, kursantlar yotoqxonasi va ovqatlanish maskani bo‘ylab sayohat qildilar.

Yo‘l-yo‘lakay ularga akademiyaning ko‘p yillik tarixi, shu kungacha bosib o‘tgan shonli yo‘li, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar, kursantlar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, ularning turli yo‘nalishlarda erishayotgan yutuqlari, maskanda ta’lim olgan faxrli bitiruvchilar haqida so‘zlab berildi.

Kelajak avlodlar akademiyaning zamonaviy qiyofasi, bu yerda ro‘y berayotgan yangilanishlarni ko‘zdan kechirib, mamlakatimiz ichki ishlar organlari uchun chinakam xalqparvar kadrlar yetishtirib berayotgan dargoh haqida keng taassurotga ega bo‘lishdi. Ayniqsa vatanparvarlik tarbiyasi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rgan yoshlar ona Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilish eng sharafli burch ekanligini teran his qildilar.

Tadbir so‘nggida mehmonlarga “Hayot akademiyasi” filmi namoyish qilindi. Yoshlar hayotiga bag‘ishlangan kinokartina o‘quvchilarni bilim va intilish uchun berilgan onlarni aniq maqsad sari yo‘nalitirish va kelajakda qat’iy kasbni tanlashga da’vat etdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech