Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-sonli jazoni ijro etish koloniyasida mahkumalar uchun ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, tuman hokimligi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqida so‘z bordi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatdagi mavqeyi va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga to‘xtalib o‘tishdi.
Har bir inson hayoti davomida taqdirning turli sinovlariga ro‘baro‘ kelishi, bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirgan xotin-qizlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy dunyoqarashini yuksaltirish uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad ekanligi ta’kidlandi. Mahkumalarga huquqiy tavsiya va maslahatlar berildi.
Tadbir davomida akademiyada ta’lim olayotgan kursant qizlar tomonidan ona Vatanimizni, ayol va ona siymosini, insoniy tuyg‘ularni ulug‘lovchi she’rlar ijro qilindi. Shuningdek kursantlar muassasada xotin-qizlarning yashashi, ijtimoiy foydali mehnat bilan mashg‘ul bo‘lishi, kitobxonlik, sport va boshqa mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati