Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

QASAMYOD – MUQADDAS BURCH, YUKSAK ISHONCH

05 Sentyabr 2022, 04:09

1636

Ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish sharafli, ayni paytda mas’uliyatli vazifa. Qasamyod ana shu yo‘ldagi mardonavor qadam, or-nomus va g‘urur timsolidir.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari xizmat qasamyodini qabul qildilar. Tantanali marosimda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, soha faxriylari, turdosh oliy ta’lim muassasalaridan mehmonlar, kursantlarning ota-onalari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Saf maydoniga orkestr kuylari ostida Akademiya jangovar bayrog‘i olib kirildi. O‘quv dargohi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning o‘ttiz bir yillik shodiyonasi bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Joriy o‘quv yilida ta’lim muassasasining kunduzgi ta’lim bakalavriat yo‘nalishiga uch mingdan ziyod nomzod hujjat topshirdi. O‘qish istagidagi nomzodlarning aksariyatini vazirlik akademik litseylari va harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ishlar organi xodimlari, profilaktika inspektori yordamchilari, shuningdek fuqarolik ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar tashkil etdi. O‘tkazilgan maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga ko‘ra 701 nafar o‘g‘il-qiz Akademiya kursantlari safiga qabul qilindi.

Tantanali marosimda buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishni maqsad qilgan navqiron yigit-qizlar ichki ishlar organi xodimining xizmat qasamyodini qabul qildilar. Tantanali ont sharafli burchni halol bajarish, xalqimiz va Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilish, har qanday sinov va mashaqqatlarni matonat bilan yengish yo‘lida aytilgan qat’iy ishonch bo‘lib yangradi.

Shundan so‘ng, ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov so‘zga chiqdi.

– Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri soha uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Siz ta’lim olayotgan o‘quv dargohida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni mukammal egallashingiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Hozirgi murakkab davrda ichki ishlar organlarida xizmat qilish yuksak kasbiy salohiyat, jangovar-jismoniy va ma’naviy-ruhiy tayyorgarlikni talab etmoqda. Shunday ekan, ichki ishlar organlarining ertangi istiqboli Sizlar kabi mard, vatanparvar va jasur farzandlarimizning g‘ayrat-shijoatiga bog‘liq, – dedi P. Bobojonov.

Tadbirda o‘qishdagi yutuqlari va ijobiy fazilatlari bilan tengdoshlariga namuna ko‘rsatgan bir guruh kursantlar “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi stipendiya hamda ichki ishlar vazirining stipendiyasi bilan taqdirlandi.

– Men ichki ishlar organi xodimi bo‘lishni bolaligimdan orzu qilaman, – deydi qasamyod qabul qilgan Dinoraxon Doniyorova. – Maqsadimga erishish yo‘lida astoydil o‘qidim, sport bilan muntazam shug‘ullandim. O‘tgan yillar mobaynida taekvondo WTF bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdim. Yangi O‘zbekistonning baxtiyor yoshlari safida turar ekanman, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mukammal egallashga, xalqaro arenalarda mamlakatimiz bayrog‘ini yanada yuqori ko‘tarishga va’da beraman.

Tantanali marosimda so‘z olgan Sayyora Saidazimova farzandining jasur yigit-qizlar safida qasamyod qilib, porloq kelajak sari munosib qadam tashlaganidan baxtiyorligini faxr-iftixor bilan e’tirof etdi. Safda turgan kursantlar davlatimizning e’tibori va g‘amxo‘rligini sharaf bilan oqlashlariga ishonch bildirdi.

Tadbir ona yurtimizni madh etuvchi qo‘shiq bilan yakunlandi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech