Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash taʼlimga ilg‘or yondashuvlar, xususan, nazariya va amaliyot uyg‘unligini taʼminlashni taqozo etmoqda.
Joriy o‘quv yilida Аkademiya ixtisoslashtirilgan kafedralari tomonidan ayni shu omilga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi o‘quv rejasi asosida IIV Ekspert kriminalistika bosh markazida amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Mashgʼulot davomida kunduzgi taʼlimning 222-guruh kursantlari “Qulflarning kriminalistik tadqiqotlari” mavzusi yuzasidan kasbiy ko‘nikmalarini boyitdilar. Sohaning tajribali mutaxassislari tomonidan trasologik ekspertizalarning maqsadi, bu turdagi tadqiqotlarni sifatli o‘tkazish va olingan natijalarni baholash metodikalari haqida qo‘shimcha tushunchalar berildi. Boʼlajak mutaxassislarning o‘quv jarayonida olgan bilimlarini mustaqil tarzda namoyish etganlari mashg‘ulot samradorligini oshirishga xizmat qildi.
Аytish kerakki, “tergov faoliyati” yo‘nalishida taʼlim olayotgan kursantlarning sayyor sud majlislarida ishtirok etib, amaliy ko‘nikmalarini yuksaltirib borishlari o‘ziga xos anʼanaga aylangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida Jinoyat kodeksi 25, 169-moddasining uchinchi qismi, “a” bandida nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs ustidan hukm oʼqildi. Sud muhokamasi yakunida kursantlar jinoyat qonunchiligi normalarini sud-tergov amaliyotida oqilona qo‘llash, ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgan jinoyat ishlarini muhokama qilish, surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida jinoyat ishlarini tergov qilish tartiblari yuzasidan malakali amaliyot xodimlari bilan fikr almashdilar.
IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati