Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

АKАDEMIYA VАKILLАRI BELАRUSDА MАLАKА OSHIRАDI

10 Sentyabr 2021, 03:09

693


9-sentyabr kuni O‘zbekiston va Belarus Respublikalari IIV Аkademiyalari o‘rtasida onlayn videomuloqot bo‘lib oʼtdi. Unda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Taʼlim muassasalari rahbarlari munosabatlarning o‘zaro anglashuv va ishonch ruhida rivojlanayotganini eʼtirof etib, ko‘p qirrali hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Jahonning ayrim mamlakatlarida hukm surayotgan beqaror vaziyat, yuzaga kelayotgan global tahdidlar ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash jarayonida tajriba almashishni taqozo etayotgani taʼkidlandi.

Belarus Respublikasi IIV Аkademiyasi boshlig‘i, general-mayor Аleksandr Vasilyevning fikricha, so‘nggi yillarda Belarus — O‘zbekiston hamkorligi ko‘plab muhim yo‘nalishlarda o‘zaro muloqot ruhidan amaliy saʼy-harakatlarni birlagikda amalga oshirish bosqichiga o‘tdi. Buni taʼlim muassasalarimiz o‘rtasidagi aloqalarning bugungi surʼati ham yaqqol namoyon etmoqda. Muhimi, hamkorlikni yanada mustahkamlashda yuksak intilish bor va bu yaqin istiqbolda o‘zining ijobiy tendensiyalarini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Аkademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov soha uchun kadrlar tayyorlashning ustuvor jihatlariga eʼtibor qaratib, innovatsion metod va yondashuvlar, nazariya va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, xalqaro tajribani keng o‘rganish zamonaviy taʼlimning dolzarb talablari ekanligini qayd etdi.

Muloqot chog‘ida joriy o‘quv yili uchun mo‘ljallangan asosiy chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, professor-o‘qituvchilar va kursantlarimiz uchun Belarus Respublikasi IIV Аkademiyasida o‘quv seminari va pedagogik mahorat oshirish kurslarini tashkil etish, o‘zaro almashuv (paritet) asosida malakali mutaxassislarni mashg‘ulotlarga jalb etish masalalarining tashkiliy tomonlari kelishib olindi. General-mayor Аleksandr Vasilev o‘zbekistonlik hamkasblarini joriy yilning sentyabr-noyabr oylarida Belarus Respublikasi IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tadigan “Ochiq eshiklar kuni”, Yoshlar festivali hamda xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyaga taklif etdi.

Do‘stona ruhda o‘tgan videomuloqot yakunida o‘zaro tajriba almashinuvini sifat jihatdan yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishga ishonch bildirildi.

 

IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech