IIV akademiyasida buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi.
Ma’naviyat va ma’rifat maskanida yig‘ilganlar yirik davlat arbobi, qomusiy olim, shoh va shoir ijodida Vatan sog‘inchi mavzuida so‘z yuritdilar. O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etgan adabiy kechada Boburning jahon xazinasidan o‘rin olgan durdona g‘azallari yod aytildi. Iqtidorli kursantlar sarkarda hayotining murakkab davrlarini sahna ko‘rinishi orqali ko‘rsatib berdilar.
Shu kuni saf maydonida “Bobur izdoshlari” harbiy-sport musobaqalari ham uyushtirildi. Yoshlarni mard, fidoyi va vatanparvar shaxs etib tarbiyalash, ular qalbida ajdodlarimizga vorislik ruhini yuksaltirish maqsadida tashkil qilingan musobaqada 2-o‘quv kursi kursantlari o‘zaro bellashdi.
“Jangovar saf qo‘shig‘i”, “Harbiy estafeta” va “Arqon tortish” shartlari yakuni bo‘yicha birinchi o‘rin 4-otryadga, ikkinchi o‘rin 1-otryadga hamda uchinchi o‘rin 5-otryadga nasib qildi. G‘olib va sovrindorlar diplom bilan taqdirlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati