O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab harbiy oliy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi o‘tkazildi.
“Birgalikda katta kuchmiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, bojxona instituti va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi jamoalari bahslashdi.
Tanlovning “Tanishtiruv” shartida yoshlar kelajakdagi maqsad va orzu-umidlari, yurtimizda yosh avlodning bilim olishi va kasb-hunar egallashi yo‘lida yaratilgan ulkan imkoniyatlar hamda o‘zlari ta’lim olayotgan o‘quv dargohining faoliyatini ta’riflab berishdi.
Ikkinchi shartda esa kursantlarga erkin mavzuda ijod qilish imkoniyati taqdim etildi. Jamoa a’zolari tanlagan kasblaridan kelib chiqib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash, sarhadlarimizni himoya qilish, xizmat burchi va qasamyodiga sodiq qolish fazilatlarini namoyon etib, jamiyatda uchrayotgan ayrim illatlarni mutoyibalar orqali talqin qildilar.
– Bugun sahnada yig‘ilgan yoshlarning maqsadi bir, – deydi IIV Akademiyasining 3-bosqich kursanti Iqboljon Bekpo‘latov. – Turdosh ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda. Bugungi tadbir Yangi O‘zbekiston yoshlarini ona Vatanimiz farovonligi uchun sadoqat bilan xizmat qilish yo‘lida yanada jipslashtirdi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati