Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ishchi guruhi tomonidan hududiy ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari uchun sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov, Kegayli, Taxiatosh, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Qorao‘zak va boshqa tumanlarida tashkil etilgan uchrashuvlarda jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlar muammosini hal etishda “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliy muhokama qilindi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlari tizimiga joriy qilinayotgan samarali mexanizmlarni jadallashtirish, aholining “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “temir daftar” va “mehr daftari”ga kiritilgan qatlami vakillarini qiynayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish, joylardagi kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash, “shahar inspektori”, “qishloq inspektori” modelini joriy etish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilib, soha xodimlarining kasbiy ko‘nikmalari mustahkamlandi. Profilaktika inspektorlari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati