Ichki ishlar vazirligi akademiyasida taniqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi Tohir Malik xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ijod ahli vakillari, olimlar, professor-o‘qituvchilar, adibning hamkasb do‘stlari va kursantlar ishtirok etgan kechada sevimli yozuvchimiz asarlarining tarbiyaviy jihatlari xususida so‘z bordi.
Tohir Malik o‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri edi. U ko‘plab hikoya, qissa va romanlar yaratdi, barakali ijodi bilan xalqimiz ko‘nglidan joy oldi. Ayniqsa, o‘zbek ma’rifatparvar ziyolilarining murakkab hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan tarixiy asarlari katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Odamiylik, mehr-oqibat, odob-axloq, andisha, yaxshilik qilish, poklik singari xalqimizga xos qadriyatlar adib ijodining ulug‘ g‘oyalari sanaladi. Shu bois, uning asarlari kitobxonlar tomonidan sevib mutolaa qilib kelinyapti.
Tadbirda adabiyotshunos Sherkon Qodiriy, To‘lqin Saydaliyev, Hasan Abdurazzoqov, Yorqinjon Odilov va boshqalar so‘z olib, adib qalamga olgan mavzularning g‘oyaviy ahamiyati, badiiy qimmati, adabiyotimiz rivojidagi salmoqli o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirishdi. Tohir Malik o‘gitlaridan parchalar aytildi.
Shu kuni “Tohir Malik zamondoshlari xotirasida” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 2000 nusxada chop etilgan mazkur to‘plamda yozuvchining do‘stlari, hamkasblari, shogirdlarining Tohir Malik hayoti, ijodi va fazilatlari haqida hikoya qiluvchi xotiralari o‘rin olgan. “Zamondoshlar e’tirofi”, “Zamondoshlar xotirasi”, “Adib bilan suhbatlar” ruknlari ostida havola qilingan yodnomalar kitobsevar muxlislar uchun chinakam tuhfa bo‘lgani, shubhasiz.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir Abdulla Qodiriy va Tohir Malik asarlarining ko‘rgazmasi bilan davom etdi.
IIV Akademiyasi Axzorot xizmati