Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i magistraturada ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan muloqot qildi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil hayotimizga chuqur singib bormoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ana shu mezonni qat’iy maqsad, pozitsiyaga aylantirishni taqozo etmoqda. Bugun ichki ishlar organlarining har bir vakili, ayniqsa rahbar kadrlar zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etishi, halol va vijdonan xizmat qilishi, faoliyatini tanqidiy baholab borishi lozim.
Davra suhbati avvalida akademiya boshlig‘i Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, pirovard natijalari, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgan yuksalishlar, kelgusidagi ustuvor maqsad va vazifalar haqida batafsil to‘xtaldi. Keyingi yillarda ichki ishlar sohasida ham ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilib, xalq bilan yaqindan ishlaydigan yangi tizim yaratilgani ta’kidlandi.
– Soha uchun yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash maqsadida ta’lim jarayoni tubdan isloh qilindi. O‘qitishning interfaol yondashuvlari, xorijning ilg‘or tajribalarini o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Muhimi, faqat bilim berish bilan cheklanib qolayotganimiz yo‘q. Ustuvor maqsadimiz islohotlar talabiga mos boshqaruv kadrlarini tayyorlashdir, – dedi akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov.
Tadbir ochiq muloqot ruhida davom etdi. Tinglovchilar bugunning rahbari qanday bo‘lishi kerakligi, zamonaviy boshqaruvning o‘ziga xos xususiyatlari, rahbar ma’naviyati, shaxsiy fazilatlarining jamoadagi o‘rni, xodimlarning kasbiy madaniyatini yuksaltirish, tizim obruyini oshirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish omillari yuzasidan zarur tavsiyalar oldilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati