Ichki ishlar vazirligi akademiyasida rahbarlik lavozimlari zahirasiga kiritilgan xotin-qizlar uchun seminar-trening tashkil etilmoqda.
O‘quv kursi davlatimiz rahbarining joriy yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida ilm-fan va ta’lim sohasida rahbar xotin-qizlarning innovatsion boshqaruv kompetensiyasini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Mashg‘ulotlarda “Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixida ayol yetakchilar va ularning davlat boshqaruvidagi o‘rni”, “Boshqaruv psixologiyasining nazariy va tarixiy jihatlari”, “Ichki ishlar organlarida boshqaruv tushunchasi, uning mazmuni, funksiyalari, prinsiplari va usullari”, “Rahbarlik psixologiyasi va boshqaruv uslublari”, “Ayolning rahbarlik mas’uliyati” kabi mavzular bo‘yicha ko‘nikmalarni mustahkamlash nazarda tutilgan.
Shunindek O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek Prezidentimizning “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati ham atroflicha yoritiladi.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlarning innovatsion yondashuvlar asosida malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkazilayotgani samaradorlikni yanada oshirmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati