“Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining IIV Akademiyasidagi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilgan intellektual o‘yin bilimdonlarni birlashtirdi.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan bellashuvda Akademiya professor-o‘qituvchilari va xodimlaridan tarkib topgan 19 ta jamoa qatnashdi.
– Intellektual o‘yinda ilk bor ishtirok etishim. Jamoani shakllantirish qiyin bo‘lmadi. O‘yin jarayonida savollarga aniq va topqirlik bilan javob qayratishga harakat qildik. Muhimi, ko‘zlangan maqsadga erishdik. Bunday o‘yinlar xodimlarning dunyoqarashini kengaytirib, bilim salohiyatini charxlaydi, – deydi podpolkovnik Asqar Xolov.
Bellashuvda “Adolat” jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Evrika” va “Amir Temur” jamoalariga ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlar nasib etdi. Tadbir kitob yarmarkasi bilan davom etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati