“Ma’naviyat oyligi” munosabati bilan IIV Akademiyasi kursantlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-yanvardagi qaroriga binoan, “Zakovat” intellektual o‘yinini ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish orqali yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, iqtidorli o‘g‘il-qizlarlarni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish maqsadida tashkil etilgan bellashuvda kunduzgi ta’lim o‘quv kurslaridan jami 77 ta jamoa qatnashdi.
Intellektual o‘yin hakamlari tomonidan ularga 24 ta savol yo‘llandi. Ayniqsa “Miranda qoidasi”, aybsizlik prezumpsiyasining tarixi, taniqli qozoq adibi asarida tasvirlangan Orol fojeasi, irlandiyalik yo‘lovchilar, chodirsiz halok bo‘lgan ingliz askarlari, amerikalik aktyor Richard Dreyfus avaylagan buyum haqidagi savollar qizg‘in munozaralarni yuzaga keltirdi.
– Aqliy o‘yinlar bilimli yoshlarni saralab olishga imkon beradi, – deydi 112-guruh kursanti Ra’nogul Amirqulova. – Tengdoshlarim bilan “Femida” jamoasi tarkibida qatnashdim. Garchi, sovrindorlar qatoridan joy olmagan bo‘lsakda, kuchli o‘ntalikka kirishga muvaffaq bo‘ldik. Keyingi o‘yinlarda bundan yaxshi natijalarni qayd etishga harakat qilamiz.
Bellashuv yakunida 103-guruhning “Piramida” jamoasi birinchi o‘rinni, 205-guruhning “Intellekt” jamoasi ikkinchi o‘rinni va 211-guruhning “Iqtidorlilar” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati