Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Zahiriddin Muhammad Bobur merosi – millat xazinasi

13 Fevral 2023, 09:02

1776

Buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur jahon tamaddunida munosib iz qoldirgan ajdodlarimizdan biri sanaladi. O‘rta asrlar Sharq Renessansi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bobokalonimiz ilmiy-adabiy merosi milliy ma’naviyatimizning bebaho gavhariga aylangan.

Benazir shoir, qomusiy olim va mohir sarkarda tavalludining 540 yilligi munosabati bilan IIV Akademiyasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda adabiyot vakillari, taniqli ijodkorlar hamda o‘quv dargohi professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Oltin qalam” mukofoti sohibi, publitsist To‘lqin Eshbek, Fanlar akademiyasi O‘zbek tili va adabiyoti folklori instituti katta ilmiy xodimi Jaloliddin Yodgorov so‘z olib, davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori milliy ma’naviyatimizga e’tiborning yuksak numunasi bo‘lganini e’tirof etishdi. Ta’kidlab o‘tilganidek, mustaqillik yillari xalqimizning ulug‘ allomalari qatori Mirzo Boburning hayoti va ilmiy merosini tadqiq etish borasida salmoqli ishlar qilindi. Boburshunoslik ilmida erishilgan yutuqlar xalqimizning bebaho xazinasi sifatida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, ularning adabiy-estetik tafakkurini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Bobur shaxsiyatining o‘ziga xos qirralari, shoir asarlarida ulug‘langan g‘oyalar, ulug‘ vatandoshimizning davlat arbobi sifatidagi serqirra faoliyati, ayniqsa milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan betakror hissasi haqida qimmatli fikrlar bildildi. Akademiya badiiy havaskorlik jamoalari va iqtidorli kursantlar tomonidan Mirzo Boburning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech