22-noyabr kuni IIV Akademiyasida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish departamenti vakillari ishtirokida vebinar ma’ruza bo‘lib o‘tdi.
YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori ko‘magi bilan tashkil etilgan mashg‘ulotda ixtisoslik kafedralari professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etdi.
Mashg‘ulotni YXHTning Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish departamenti Politsiya faoliyati bo‘yicha strategik masalalar guruhi eksperti janob Sasha Strup ochdi. Xorijlik mutaxassis “Tezkor tahliliy ma’lumotlarga asoslangan holda politsiya faoliyatini tashkil etish, mavjud tahdidlarni aniqlash va bartaraf qilish” mavzuida ma’ruza qilib, politsiyaning jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini tezkor ma’lumotlar bilan ta’minlash, axborot manbalaridan samarali foydalanish usullari, ma’lumotni qayta ishlash va tahlil qilishda qo‘llanilayotgan tajribalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Estoniya politsiya va davlat chegaralarini qo‘riqlash boshqarmasining Giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i janob Rayt Pikaro o‘z ma’ruzasi bilan chiqish qildi. Ekspert o‘z mamlakati tajribasi qiyosida giyohvandlik vositalarining noqoqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish va uyushgan jinoyatchilikning oldini olishda raqamli axborot tizimlarining afzalliklari, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatidan foydalangan holda bu turdagi jinoyatlarni fosh etish, “ILD modeli” milliy tizimining o‘ziga xos xususiyatlari haqida nutq so‘zladi.
Tadbir so‘nggida ekspertlar tomonidan mashg‘ulot samimiy muloqot ruhida o‘tgani, xalqaro va milliy mutaxassislar o‘rtasida ilg‘or tajribalarni almashish hamda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga sharoit yaratgani e’tirof etildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati