Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YUNESKO BILAN HAMKORLIK YO‘LGA QO‘YILADI

08 May 2024, 07:05

501

7-may kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida YUNESKO xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida hamkorlikning bugungi va istiqboldagi yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov martabali mehmonni qutlab, O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Aytish joizki, YUNESKO Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli tashkilotlaridan biri sanaladi. Uning maqsadi ta’lim, fan, madaniyat, turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga ko‘maklashishdir. Bugungi kunda jahonning 200 ga yaqin davlati, shu jumladan, O‘zbekiston ham YUNESKO a’zosi hisoblanadi. Bundan tashqari, 400 dan ortiq xalqaro nohukumat tashkilotlar va jamg‘armalar, xalqaro va hududiy birlashmalar YUNESKO bilan hamkorlik qiladi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning YUNESKO bilan ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Kelgusi yilda xalqaro tashkilot Bosh konferensiyasi 43-sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazishga qaror qilingani ham munosabatlarning yanada rivojlanib borayotganidan dadolat beradi.

Uchrashuv davomida YUNESKO vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi samimiy muloqot uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ayniqsa axborot va matbuot erkinligini kuchaytirish, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini mustahkamlash, davlat idoralari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash borasidagi o‘zgarishlarni yuqori baholadi.

Shu kuni tomonlarni qiziqtirgan ko‘plab masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, YUNESKO ko‘magi bilan mediasavodxonlik va axborotdan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan treninglar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va ta’lim oluvchilar uchun o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlash, ta’lim jarayoniga istiqbolli loyihalar va grand mablag‘larini jalb qilish, IIV akademiyasi hamda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash yuzasidan muhim takliflar ilgari surildi.

Akademiya rahbari YUNESKOning faol tashabbus va sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan holda o‘zaro munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech