IIV akademiyasi vakillari poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazishdi.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida bo‘lib o‘tgan tadbir “Jinoyatchilik – millat tanlamas illat” deb nomlandi.
Uchrashuvni universitet prorektori Ro‘zimurod Choriyev ochib, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga oid dolzarb masalalarga to‘xtaldi. Shundan so‘ng IIV akademiyasi professori Sharif Qobilov hamda magistratura tinglovchilari Hamza Jamolov, G‘ayratjon Toshxo‘jayevlar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildi.
Ochiq ruhda o‘tgan tadbirda yoshlar ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, axborot xurujlari va tahdidlarining oqibatlari, yoshlar qatlami tomonidan ko‘p sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, ularning asosiy sabablari, jamiyatda jinoyatchilik va korrupsiyaga barham berishning eng muhim yo‘nalishlari borasida so‘z yuritildi.
Talabalar turli internet o‘yinlari, diniy mazmundagi da’vatlar, giyohvandlik vositalari va psixofaol moddalarni iste’mol qilish hamda ma’naviyatimizga begona bo‘lgan boshqa illatlardan ogoh bo‘lishga chaqirildi.
Shuningdek, Toshkent davlat stomatologiya institutida ham targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, unda yoshlarning konstitutsiyaviy bilimlari, huquqiy savodxonligi, jamiyatimizda kechayotgan islohotlardan xabardorligi oshirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati