IIV akademiyasida bugungi islohotlar davrida yosh kadrlarning o‘rni va vazifalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Bitiruvchi kursantlar va ixtisoslik kafedralari o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i, polkovnik Aliahmed Choriyev so‘z oldi.
Uchrashuvda ichki ishlar organlari tizimida kadrlar siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, sohadagi islohotlarning dolzarb talablari, tizimni yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalari haqida so‘z bordi.
Sohaviy xizmat boshlig‘i tizim faoliyatini samarali tashkil etish kadrlar salohiyati bilan bog‘liq muhim jarayon ekanligini alohida ta’kidladi. Ko‘p yillik amaliy tajribasidan kelib chiqib, akademiyani tamomlayotgan kursantlarga tavsiyalar berdi.
– Barchangiz katta hayot ostonasida turibsiz. O‘qishni bitirgandan so‘ng turli hududlarga, el-yurt xizmatiga yo‘l olasizlar. Kasb mas’uliyati va mashaqqatlaridan hech qachon cho‘chimang. Sharafli kasbni qadrlab, halol va vijdonan ishlasangiz, xizmat pillapoyalaridan yuqorilab boraverasiz, – dedi polkovnik A. Choriyev
Uchrashuvda Toshkent shahar IIBBda ma’naviy-ma’rifiy va kadrlar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, sohaviy xizmatlarni yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar xususida fikr almashildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati