Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida faol, tashabbuskor va fidoyi yoshlar uchun tadbir uyushtirildi.
Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan Renessans ta’lim universiteti hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamkorligida tashkil qilindi.
Taniqli adiblar, adabiyotshunos olimlar, ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘z olganlar yangilanib borayotgan jamiyatimizda yoshlarning o‘rni, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni e’tirof etib o‘tishdi.
Tadbir davomida Vatanni tarannum etuvchi qo‘shiqlar yangradi. Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni kitobga, adabiyotga oshno etishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi. Turli jabhalarda yutuqlarga erishib kelayotgan bir guruh yoshlar va ularning ota-onalari ta’lim muassasalari rahbariyati tomonidan rag‘batlantirildi. Ichki ishlar vazirligining namunali ko‘rgazmali orkestri ijrosidagi kuylar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati