Shu kunlarda Farg‘ona viloyatida “Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari” o‘quv yig‘inlari tashkil etilmoqda.
O‘quv yig‘ini ochilishida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda IIV akademiyasi vakillari so‘z olib, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish mashg‘ulotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
Dasturga binoan, uyushmagan yoshlar bilan dolzarb mavzularga bag‘ishlangan interaktiv mashg‘ulotlar, psixologik suhbat va treninglar, sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, sayyor uchrashuv va mehnat yarmarkalari orqali bandligini ta’minlash ham nazarda tutilgan.
– O‘quv bazasida yoshlarning bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kazarma sharoitida yashashi va ovqatlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Mashg‘ulotlar tajribali professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan qiziqarli metodlar yordamida o‘tkazilmoqda. Ayniqsa motivatsion uchrashuvlar yoshlarning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini, iqtidor va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda, – deydi IIV akademiyasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Bobur Dadajonov.
Aytish joizki, yoshlarning hayotda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish yo‘lida tashkil qilingan ikki kunlik o‘quv yig‘inlariga barcha uyushmagan yoshlarni bosqichma-bosqich qamrab olish maqsad qilingan.
IIV akademiyasi Axborot xizmati