O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamkorligida tashkil qilingan tadbir yoshlar radikallashuvining oldini olishga bag‘ishlandi.
Sir emaski, bugungi kunda yoshlar ongi va ma’naviyatiga qaratilgan tahdidlar tobora kuchayib bormoqda. Bunday sharoitda ularni g‘arazli g‘oyalar ta’siridan asrash, diniy ekstremizmning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish, yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ayniqsa ma’naviy tarbiya masalalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim vazifa sanaladi.
Tadbirda o‘quv muassasasi prorektori A. Atamatov, IIV Tezkor-qidiruv departamenti terrorizmga qarshi kurashish xizmati bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari A. Karimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Sh. Jumayev va boshqalar so‘z olib, global axborot makonida avj olayotgan tahdidlar, xususan, radikalizm, terrorizm, ekstremizmni targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan da’vatlar, “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi mafkuraviy xurujlar, dunyoviy va diniy davlat tushunchalarining mazmun-mohiyati, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish masalalari haqida to‘xtalib o‘tishdi.
– Yoshlar tarbiyasiga, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga yanada e’tiborliroq bo‘lishimiz zarur, – dedi IIV akademiyasi boshlig‘ining yordamchisi Ismoil Himmatov. – Hududlarda bo‘lganimizda, yoshlar tomonidan turli jinoyatlar sodir etilayotgani ayon bo‘lmoqda. Shu bois, tajribali professor-o‘qituvchilarimiz mahallalar, ayniqsa “qizil” toifadagi hududlarga chiqqan holda jinoyatchilikning sabab va sharoitlarini o‘rganish, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibotlar o‘tkazish orqali kriminogen vaziyatni yaxshilashga ko‘mak berishmoqda. Bundan tashqari, ijobiy tajribalar asosida metodik qo‘llanmalar ishlab chiqilib, respublikamiz bo‘ylab keng tatbiq qilinmoqda.
Talabalar, kursant yoshlar ishtirok etgan uchrashuvda dolzarb fikr-mulohazalar hamda takliflar bildirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati