Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Yoshlar taqdiri hamisha muhim

26 Sentyabr 2024, 09:09

159

Yurtimizda yoshlar bilan ishlash borasida samarali tizim yaratilgan. Kelajagimiz vorislarining ta’lim-tarbiyasi, hayotda munosib o‘rin egallashi doimiy e’tiborda.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi 16 ta umumta’lim maktabi Ichki ishlar vazirligi tomonidan otaliqqa olingan. O‘quv maskanlarida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar yosh avlodning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik ruhida kamol toptirish bilan birga, yoshlar qatlami orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qilmoqda.

Muhimi, ezgu maqsadlarga qaratilgan ishlar joriy o‘quv yilida ham izchil davom ettirilmoqda. Bu borada Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari tomonidan hududlardagi maktablarda tashkil etilgan sayyor uchrashuvlarni alohida ta’kidlash joiz.

– Motivatsion ruhda o‘tgan muloqotlar davomida turli yosh toifasidagi barcha o‘quvchilarni qamrab olishga, ularning qiziqish va qobiliyatini o‘rganishga, chekka hududlarda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishga harakat qildik. Yana bir jihati, bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan suhbat o‘tkazib, natijalarini monitoring qildik. Qobiliyatiga qarab ularni kasb-hunar va oliy ta’limga yo‘naltirish bo‘yicha vazifalarni belgilab oldik, – deydi podpolkovnik Nabulla Hojiyev.

Aytish kerakki, uchrashuvlar chog‘ida yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa yangilangan Konstitutsiyamizda yoshlar uchun berilgan huquq va imtiyozlar, qolaversa, ular tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, huquqbuzarlik sodir etishning oqibatlari tushuntirildi.

Bundan tashqari, o‘quvchilarning ichki ishlar organi sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati taqdimot qilinib, el-yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilishning sharafli jihatlari so‘zlab berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, joylarda o‘tkazilgan targ‘ibotlar yoshlarning bilim olib, kasb egallashga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Zero, o‘sib kelayotgan navqiron avlod uchun bugun qanchalik qayg‘ursak, mamlakatimiz ertasiga mustahkam poydevor qo‘ygan bo‘lamiz.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech