Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Yoshlar faolligi har qachongidan muhim

04 Mart 2024, 09:03

822

Ilm-ma’rifatli yoshlar jamiyat taraqqiyotini harakatga keltiruvchi asosiy kuchdir. Buning uchun ularni barkamol shaxs etib tarbiyalash, ezgu maqsadlar sari ruhlantirish lozim.

Ana shu yo‘lda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan yangi tashabbusga qo‘l urildi. “Iqtidorli yoshlar” targ‘ibot guruhi tashkil qilinib, kursantlarning o‘zlari voyaga yetgan mahallalar va ilk saboq olgan ta’lim maskanlarida targ‘ibot-tashviqot uchrashuvlarini o‘tkazishlari yo‘lga qo‘yildi.

Sir emaski, yurtimizda yoshlar bilan manzilli ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi islohotlar kelajagimiz vorislarining zamonaviy kasb-hunarlarni egallab, hayotda munosib o‘rin topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Vatan – ulug‘, burch – muqaddas!” konseptual g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlaridan ko‘zlangan ustuvor maqsad ham shu. Yurtimizning turli hududlari, ayniqsa olis qishloq joylarida istiqomat qilayotgan yoshlarning yurtga daxldorlik tuyg‘usini oshirish, ularda qonunlarga hurmat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otish, mamlakatimizda yoshlar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlarini targ‘ib qilish orqali ularni zamonaviy bilim va kasblarni egallashga yo‘naltirishdir.

– Targ‘ibot tadbirlariga iqtidorli kursant yoshlarimizni jalb qilganimiz bejiz emas. Ularning o‘z kelajak maqsadlari yo‘lida tashlayotgan dadil qadamlari, erishayotgan yutuqlari tengdoshlariga katta motivatsiya beradi. Chunki bugungi kunda yoshlar faolligi har qachongidan ham muhim mezonga aylandi, – deydi IIV akademiyasi O‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Mamatqulov.

Aytish joizki, shu kungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 365 marotaba targ‘ibot tadbiri tashkil qilindi. Uchrashuvlarga mahalla yoshlari, idoraviy akademik litsey va o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari qamrab olindi. Yoshlar millatimiz, ertangi kunimizning davomchilari ekan, ularni ona Vatanmiz va xalqimizga sadoqat ruhida tarbiyalash bugungi murakkab davrda hayotiy zaruratdir.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech