Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Yoshlar – eng katta boyligimiz

09 Oktyabr 2024, 10:10

163

Aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadigan mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi doimo e’tiborda.

Ayni kunlarda farg‘onalik yoshlar uchun tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari” o‘quv yig‘inlari ham fikrimizga misol bo‘la oladi.

Yig‘in doirasida IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan uyushmagan yoshlarning ma’naviy dunyoqarashi, huquqiy ongi va vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Psixologik suhbatlar orqali ularning qobiliyati, kelgusidagi maqsadlari o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni o‘qish va kasb egallashga qiziqtirish maqsadida turli motivatsion tadbirlar tashkil etilmoqda.

Hozirgi sharoitda yoshlar bilan ishlash kreativ yoshdashuvlarni talab etadi. Shu bois, mashg‘ulotlarni interfaol metodlar orqali o‘tkazishga, yoshlar bilan faol muloqot qilib, ularning fikrlarini ham tinglashga e’tibor qaratyapmiz. Maqsadimiz ular o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, yoshlarni ma’rifatli inson sifatida jamiyatning faol a’zosiga aylantirish, – deydi akademiya boshlig‘i o‘rinbosari Turg‘un Kuchkarov.

Ta’kidlash o‘rinliki, o‘quv yig‘inlari davomida yoshlar bandligini ta’minlash, ularga ijtimoiy-huquqiy ko‘mak berish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mutasaddi idoralar, sektorlar va bandlikka ko‘maklashuvchi tashkilotlar vakillari bilan o‘tkazilayotgan sayyor uchrashuvlar mavjud muammolarni hal etish imkonini bermoqda.

Shu kunga qadar viloyatning turli hududlarida istiqomat qiluvchi ming nafardan ortiq yoshlar o‘quv yig‘inlariga jalb qilindi. Bu shuncha o‘g‘il-qizning taqdiri e’tiborsiz qolmayotganidan dalolat beradi. Muhimi, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech