Muhtaram Prezidentimiz mustaqillik bayramining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda azmu shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz”, deya alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Darhaqiqat, yurtimiz yoshlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik bugun har qachongidan ham ustuvor vazifaga aylangan. Kelajagimiz vorislarining o‘qib-izlanishi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallashi, jamiyatning faol a’zosi sifatida mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Zero, ular ertangi kunimiz poydevori, orzu-umidlarimiz davomchilaridir.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlandi. Ochiq muloqotda Akademiya rahbari, polkovnik Rustam Xatamov, kunduzgi ta’limning bakalavriat yo‘nalishi birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlar, o‘quv-saf qismi ofitserlari hamda yoshlar masalalariga mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
– Akademiyada o‘qishni orzu qilgan yigit-qizlar ko‘p. Shular orasidan bilim salohiyati yuqori, ma’nan barkamol, jismonan baquvvat va irodasi chiniqqan yoshlar o‘qishga kirish imkoniga ega bo‘ladi. Sizlar ham kelajak maqsadingiz sari mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdingiz. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, kursantlar safiga qabul qilindingiz. Bu mas’uliyatni chuqur his etgan holda bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashingiz kerak, – dedi o‘quv dargohi rahbari.
Muloqot davomida kursantlar o‘zlari ta’lim olayotgan maskanda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, o‘qitishning yangi mexanizmlari, ayniqsa faol va izlanuvchan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar haqida zarur ma’lumotga ega bo‘lishdi. Mamlakatimiz ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi xizmat qasamyodini qabul qilgan kursantlarning bilim salohiyati, o‘z kasbiga bo‘lgan ulkan sadoqati, ona Vatanimiz taqdiri uchun jonkuyarligiga bog‘liq ekani ta’kidlab o‘tildi.
– Insonning shaxs sifatida shakllanishida oiladagi tarbiya, ustozlaridan olgan saboq va yuksak ma’naviy fazilatlar mustahkam asos bo‘ladi. Sizlar hozirdanoq ana shu maqsad sari intilishingiz lozim. Shunda muhtaram Prezidentimizning ishonchini oqlagan bo‘lasiz, – dedi Akademiya boshlig‘i.
Tadbirda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jangovar-jismoniy tayyorgarligini oshirish borasida muhim vazifalar belgilab olindi. Kursantlar so‘zga chiqib, yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati