IIV Akademiyasining kunduzgi ta’lim birinchi bosqichida ta’lim olayotgan kursantlar o‘rtasida viktorina o‘tkazildi.
Ichki ishlar organlarining ma’muriy faoliyati kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan beshllashuvda mutaxassislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan kursantlardan iborat “Yosh tergovchilar”, “Yosh inspektorlar” hamda “Yosh operativ xodimlar” jamoalari qatnashdi.
Viktorinada uchta shart bo‘yicha g‘olib aniqlandi. Birinchi shartda yoshlarning ichki ishlar organlaridagi islohotlar bo‘yicha bilim salohiyati sinov qilingan bo‘lsa, keyingi shart tezkor savol-javob tarzida o‘tdi. So‘nggi shartda esa jamoalar tomonidan tayyorlangan savollar o‘ynaldi.
Bellashuv yakunida eng ko‘p ochko jamg‘argan “Yosh tergovchilar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tashkilotchilarning aytishicha, “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida o‘tkazilayotgan turli tanlov va bellashuvlar kursantlarning huquq sohasiga oid bilimlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati