Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YIRIK LOYIHANING QURILISHI BOSHLANDI

01 Avgust 2024, 07:08

521

IIV akademiyasida Innovatsion ta’lim fondining qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Mazkur loyiha Xitoy hukumatining grand mablag‘lari hisobiga barpo etilmoqda.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchisi Yuy Szyun, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Davron Nazarmuhammedov, IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov, shuningdek, “Beijing Construction Engineering Group” kompaniyasi vakillari hamda ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari o‘zaro ishonch ruhida izchil rivojlanib borayotgani, so‘nggi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va global xavfsizlik yo‘nalishlaridagi aloqalar keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik yuksak darajaga ko‘tarilgani e’tirof etildi.

Tantanali tadbirda Xitoyning mamlakatimizdagi elchisi Yuy Szyun so‘z olib, mazkur loyiha ikki davlat o‘rtasida jadal rivojlanayotgan hamkorlik aloqalari va qulay investitsiyaviy muhitning amaliy natijasidan dalolat berishini alohida ta’kidlab o‘tdi. O‘z navbatida, ta’lim sohasidagi hamkorlik samarasi o‘laroq barpo etilayotgan mazkur inshoot qurilishiga Xitoy tomonidan katta qiziqish bildirilayotganini qayd etdi.

– Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoyning turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ikki tomonlama kelishuvlar asosida amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari mamlakatimiz ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlashda, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Innovatsion ta’lim fondi ham ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz, – dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Davron Nazarmuhammedov.

Shundan so‘ng tomonlar keng jamoatchilik vakillari ishtirokida inshoot qurilishiga tamal toshini qo‘ydilar.

Aytish joizki, yangi inshoot o‘z ichiga Simulyatsiya va modulyatsiya markazi hamda avtodromni qamrab oladi. Xitoyning “Beijing Construction Engineering Group” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan loyiha ishga tushirilgach, mamlakatimizdagi yagona innovatsion ta’lim majmuasiga aylanadi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech