Yoshlar qalbida milliy ruh, ona Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk ajdodlarimizning hayot yo‘li bu borada chinakam ibrat va tarbiya maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida IIV Akademiyasida “Yangi O‘zbekiston To‘marislari” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Jamoat xavfsizligi universiteti va Bojxona instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mazkur oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kursantlar o‘zaro bellashishdi.
Prezidentimizning besh muhim tashabbusi doirasida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qizlarning ta’lim olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni uchun yetuk bilimli, vatarparvar, jasur va fidoyi yoshlarni kamol toptirish tadbirning asosiy maqsadi bo‘ldi.
Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari uch shart bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyon etishdi. Jamoalarning chiqishi hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholab borildi. Qiziqarli savol-javob va sahna ko‘rinishlariga boy tarzda o‘tgan ko‘rik-tanlov yakunida IIV Akademiyasi kursantlari “Eng kreativ jamoa”, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari “Eng ijodkor jamoa”, Bojxona instituti kursantlari esa “Eng zukko jamoa” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi.
Taqdirlash marosimida Akademiya rahbari Rustam Xatamov so‘z olib, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yurtimiz yoshlarini ulug‘vor maqsadlar sari birlashtirishda ustuvor ahamiyat kasb etayotganini alohida e’tirof qildi.
Ko‘rik-tanlov ishtirokchilariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi. Shu kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan IIV Akademiyasi kursantlari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqa g‘oliblari ham munosib taqdirlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati