Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTINING MUHIM YO‘NALISHI

26 Dekabr 2024, 09:12

683

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’lim olayotgan magistrlar bilan muloqot qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning raqamli kelajagi va barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.

Vazir butun dunyoda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham raqamli texnologiyalarning roli kundan-kunga oshib borayotgani, keyingi yillarda mazkur sohani rivojlantirishga mamlakat taraqqiyotining strategik yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirishning muhim jihatlariga to‘xtalib, ushbu yo‘nalishda qilinayotgan keng qamrovli ishlarni keltirib o‘tdi.

Ochiq muloqotda raqamlashtirishning afzallik jihatlari, samaradorlik omillari, dunyodagi ilg‘or tajribalar, shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsadlar, strategiya doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, raqamli transformatsiya jarayonlari xususida atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, tadbirda ichki ishlar organlari tizimida axborot texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Raqamli texnologiyalar vaziri mazkur yo‘nalishdagi eng muhim vazifalar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Uchrashuvdan so‘ng Sherzod Shermatov akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov hamrohligida magistratura faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Vazirga boshqaruv kadrlari tayyorlashning asosiy yo‘nalishlari, ta’lim jarayonidagi innovatsion yondashuvlar, tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar so‘zlab berildi.

Ta’lim sifatini nazorat va monitoring qilish markazida “Smart akademiya” integrallashgan axborot-ta’lim platformasi hamda ta’limni raqamlashtirishning hozirgi holati taqdimot qilindi. Raqamli texnologiyalar vaziri mazkur yo‘nalishdagi yangilanishlarni e’tirof etarkan, o‘zaro tajriba almashish va faoliyatni rivojlantirishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech