O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda “Yangi nafas” yugurish musobaqasi o‘tkazildi.
Ommaviy sport tadbiri Yengil atletika federatsiyasi, shuningdek, Yoshlar siyosati va sport, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, “Asaka bank” aksiyadorlik tijorat banki hamda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etildi.
“Humo Arena” maydonidan start olgan musobaqada ishtirokchilar 3 va 10 kilometr masofaga yugurdilar. G‘oliblar erkaklar va ayollar o‘rtasida 18–35 yosh, 35–55 yosh va undan katta yosh toifalari bo‘yicha aniqlandi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan musobaqada Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ham sovrindorlar qatoridan joy olishdi. Jumladan, 3 kilometrga yugurish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Fayzullo Habibullayev 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida Risolat O‘ktamova 1-o‘rinni, O‘g‘ilxon Bekmirzayeva 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. 10 kilometr masofada esa Akmal Salayev erkaklar o‘rtasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida 1-o‘rin Iroda Bekmirzayevaga, 2-o‘rin Muyassar Kushmurodovaga, 3-o‘rin Mashhura Saidqulovaga nasib etdi.
Musobaqa yakunida sovrinli o‘rin sohiblari pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng yosh va keksa ishtirokchilarga tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati