Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Yangi avlod kadrlari sharafli xizmatga yo‘l oldi

22 Iyun 2024, 07:06

1002

Vatanni sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash – ajdodlar va kelajak avlod oldidagi muqaddas burch. Bugun yurtimizda mana shu burchga sodiq o‘g‘il-qizlar, Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari kamol topmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bitiruvchilari sharafli xizmatga yo‘l olish oldidan poytaxtimizdagi “JAR” stadionida saf tortdilar. Yosh leytenantlarga diplom topshirish marosimiga bag‘ishlangan tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, qator davlat organlaridan mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov yig‘ilganlarni tarixiy sana bilan qizg‘in qutladi. Shundan so‘ng bitiruvchilarga tantanali ravishda diplomlar topshirildi. 

Bitiruv tadbirida ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov nutq so‘zlab, inson qadri ulug‘langan yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. Keyingi yillarda soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonlari ham tubdan isloh qilingani, akademiyada yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar yangi avlod ichki ishlar xodimlarini tayyorlashda muhim omil bo‘layotgani aytildi.

Muhtaram Prezidentimiz tizimdagi islohotlar taqdirini yuksak malakali, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z kasbiga, Vatanimiz va xalqimizga sodiq kadrlar belgilab beradi, deya alohida ta’kidlab o‘tdilar. Sizlar vatanparvarlik, bilim va tafakkur, shijoat va mardlikda buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib, ichki ishlar organi xodimi degan sharafli nomga loyiq bo‘lishingiz kerak,  –  dedi Po‘lat Bobojonov.

Bitiruvchilarni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ham tabrikladi. “Yangi O‘zbekistonni xalqparvar ijtimoiy davlat sifatida ravnaq toptirish, jamiyatda inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligini mustahkamlash barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlariga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bu esa sizlar kabi bilimli, shijoatli, o‘z Vatanini sevadigan va unga daxldorlik bilan yashaydigan kadrlarga bog‘liq. Yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishdan aslo charchamang”, dedi u.      

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,  Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov so‘z olar ekan, shunday dedi: “Bugungi tadbirda bitiruvchilarimizdan baxtli inson yo‘q. Chunki ular Yangi O‘zbekistonning yangi ichki ishlar organi xodilari sifatida xizmatga qadam qo‘ymoqda. Yoshlarimiz bilan suhbat qurib amin bo‘ldimki, ularning kelajak maqsadlari ulkan. Ishonchim komil, bugun ko‘zlari yonib turgan o‘g‘il-qizlarimizdan generallar, olimlar, akademiklar yetishib chiqadi. Yoshlarga qarata uchta tilakni aytgan bo‘lardim: avvalo vatanparvar bo‘ling, Konstitutsiya va qonunlarni hurmat qiling, ikkinchidan, sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘ling, uchinchidan, xorijiy yillar chuqur o‘rganib, jahondagi ilg‘or tajribalardan boxabar bo‘lib yuring. Shunda maqsadingizga albatta erishasiz”.

Tantanali tadbirda yoshlarning buguni va kelajak taqdiri yo‘lida yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, fidoyi va tashabbuskor yoshlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlar e’tirof etildi. Bitiruvchilar chinakam xalqparvar xodim sifatida ona Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.

– O‘g‘lim Shuhratjonning o‘zi orzu qilgan o‘quv dargohini muvaffaqiyatli tamomlagani yoshlarga berilayotgan yuksak e’tiborning samarasidir. Yurt osoyishtaligini asrash, xalqimiz tinchligini ta’minlash, inson manfaatlarini himoya qilish ichki ishlar xodimlarining sharafli burchi sanaladi. Adolat, poklik, fidoyilik bitiruvchilarimizning hayot mezoni bo‘lsin, ana shunday jasur o‘g‘il-qizlarimiz bilan butun xalqimiz faxrlanib yursin, – dedi ota-onalar nomida so‘zga chiqqan Nargiz Chinaliyeva.

Bayramona o‘tgan tadbir ona yurtimizni madh etuvchi qo‘shiqlar bilan ko‘tarinki ruhda yakunlandi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech