Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga ta’lim-tarbiya jarayonlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi professor-o‘qituvchilar, sharafli kasbi bilan jamiyatda o‘rnak bo‘layotgan ayol xodimalar hamda mahalla faollari taklif etildi.
Bayram tadbiri avvalida akademiya rahbari Rustam Xatamov so‘z olib, jamoa a’zolariga samimiy tilaklarini yetkazdi.
Darhaqiqat, onadek mo‘tabar zotni ulug‘lash, ayollarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, qizlarni barkamol voyaga yetkazish xalqimizning eng oliyjanob qadriyatlaridan sanaladi. Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimizning e’tibori bilan ayollarning jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 40 dan ortiq muhim konseptual hujjat va qonun qabul qilindi.
Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ham ikki yuz nafarga yaqin xotin-qizlar samarali mehnat qilmoqda. Professor-o‘qituvchilardan 10 nafari fan doktori, 31 nafari fan nomzodi va falsafa doktori ilmiy darajasiga ega. Ularning 15 nafari dotsent, 7 nafari professor ilmiy unvonlariga sazovor bo‘lishgan.
– O‘quv dargohimizning har bir yutug‘ida yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnatini ayamayotgan muhtarama ustozlarimiz, aziz opa-singillarimizning munosib o‘rni borligini alohida e’tirof etaman. Sizlarning g‘ayrat-shijoatingiz, tafakkur va tajribangiz Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqi uchun beqiyos tayanch bo‘lishi, shubhasiz, – dedi akademiya boshlig‘i.
Bayram tadbirida faol va tashabbuskor xotin-qizlar Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari bilan taqdirlandi. Taniqli san’atkorlar va badiiy havaskorlik jamoalarining bahorni, ayollarni, onalarni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati