Ichki ishlar vazirligi akademiyasining 30 yilligi munosabati bilan yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar vakillari o‘quv dargohi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir xalqimizga xos milliy qadriyat – daraxt ekish marosimi bilan boshlandi. Mehmonlar akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov hamrohligida azaliy do‘stlik, mushtarak hamkorlik va taraqqiyot ramzi sifatida daraxt ekdilar.
Shundan so‘ng xorijiy hamkorlarimiz axborot-resurs markazi, magistratura o‘quv binosi, ta’lim sifatini nazorat va monitoring qilish markazi, sport majmuasi hamda ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda boshqa inshootlarda bo‘lishdi.
Delegatsiya a’zolariga o‘quv dargohining shonli tarixi, o‘tgan yillar mobaynida erishgan yutuqlari, ayniqsa keyingi yillarda ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan milliy yondashuvlar, amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik harakatlari va istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va bugungi avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, akademiyaning zamonaviy qiyofasi va salohiyati xorijlik mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida xalqaro ta’lim muassasalari vakillariga akademiyaning yubiley sanasiga bag‘ishlab uch tilda chop etilgan “Yuksalishning 30 yili” kitobi tuhfa qilindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati