Milliy va xorijiy tajribaning ilg‘or jihatlarini uyg‘unlashtirish, innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish ta’lim sifatini yanada oshirishga turtki beradi.
Yaqinda IIV Akademiyasining Xizmat psixologiyasi va kasbiy madaniyati kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Yoqubjon Farfiyev Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi Amaliy psixofiziologiya markazida malaka oshirib qaytgan edi. Tajribali psixolog xorijda o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini kunduzgi ta’lim kursantlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Poligrafdan foydalangan holda psixofiziologik tekshiruvlar o‘tkazish” mavzuida tashkil etilgan mashg‘ulotda mazkur qurilmaning afzalligi, texnik imkoniyatlari, undan foydalanish tartibi, insonning noverbal xatti-harakatlarini baholash va psixofiziologik tekshiruv o‘tkazish usullari, xorijiy davlatlar huquq-tartibot organlarida qo‘llanilayotgan ilg‘or qurilmalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Intelfaol tarzda o‘tgan mashg‘ulot davomida kursantlar psixofiziologik tekshiruv jarayonida foydalaniladigan savollar, testdan oldin suhbat va skrining tekshiruvlarini o‘tkazish, poligraf yordamida psixofizilogik tekshiruvlarni amalga oshirish, shuningdek jinoyatlarni tergov qilish jarayonida foydalaniladigan metodikalar bo‘yicha ma’lum ko‘nikmaga ega bo‘ldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati