19–21-aprel kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti XIII Xalqaro politsiya forumiga mezbonlik qildi.
Gibrid formatda o‘tkazilgan forumda jahonning 15 ga yaqin mamlakatidan o‘ttizdan ziyod ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Ochilish marosimida anjumanning dolzarb ahamiyati va undan ko‘zlangan global maqsadlar haqida so‘z yuritildi.
Forum doirasida ta’lim tendensiyalariga erishishning zamonaviy yo‘nalishlari, xususan, jahonda ro‘y berayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar fonida manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, ta’lim integratsiyasiga yo‘naltirilgan qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, hamkor muassasalar o‘rtasida o‘zaro muloqot muhitini faollashtirish, uzoq muddatli hamkorlikning yangi manbalarini izlab topish, raqamli ta’lim va innovatsiyalar bo‘yicha istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar Janubiy Koreya, Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Vyetnam, Eron, Pokiston, Efiopiya, Makao, Armaniston, Iordaniya, Mo‘g‘uliston, Filippin, Ruanda, Argentina va boshqa davlatlar vakillarining ma’ruzalari, shuningdek forum maqsadlariga qaratilgan fikr-mulohazalarini tingladilar. Ta’limni jahon miqyosida hamjihatlikda barqaror rivojlantirishga kelishib olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati