Xorijiy turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar xalqaro tajribaning ilg‘or jihatlarini o‘rganishga imkon bermoqda.
Rossiya Federatsiyasi IIV Nijegorod akademiyasi tomonidan tashkil etilgan onlayn mashg‘ulotda mulkiy jinoyatlar, ularni fosh etish usullari, bu turdagi jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘z yuritildi.
Malakali mutaxassis Roman Pozdishev dastlabki tergov bosqichida ma’lumotlarni to‘plash va jinoyatni fosh etishning asosiy jihatlarini tushuntirib berdi. Aleksey Smolin esa o‘z ma’ruzasida mulkiy turdagi jinoyatlarni fosh etishda amalga oshiriladigan harakatlar algoritmi, jinoyat sodir etgan shaxslar aniqlanmaganda tergov-tezkor guruhi tomonidan o‘tkaziladigan chora-tadbirlar, mulkiy turdagi jinoyatlarni taktik-metodik jihatdan tergov qilish xususiyatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek Nijegorod akademiyasi dotsenti Vladimir Bessonovning “Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi vakolatli organlarning idoralararo hamkorligini tashkil etish” mavzuidagi ma’ruzasi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mashg‘ulotlar yakunida IIV Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati