Joriy yilning 4-ysentabr kuni poytaxtimizda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yetuk professional kadrlarni tayyorlash: tendensiyalar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, manfaatdor vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpuslar vakillari, o‘ttizdan ziyod xorijiy va milliy oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari hamda OAVlari xodimlari ishtirok etdi.
Konferensiyani IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov kirish so‘zi bilan ochdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov, mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Oliver Stolp, YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha koordinatori Antti Karttunen va boshqalar so‘zga chiqdi.
Yalpi majlis va sessiyalar ko‘rinishida davom etgan anjumanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashning bugungi holati, rivojlanish tendensiyalari va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Sohadagi ilg‘or tajribalar xususida yetakchi xorijiy va milliy ta’lim muassasalari rahbarlari, xalqaro va mahalliy ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi.
So‘zga chiqqanlar zamonaviy tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab sharoitda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab, xalqaro anjuman mazkur yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishda faol muloqot maydoni bo‘lganini qayd etdilar.
Konferensiyada mamlakatimizdagi izchil islohotlar jarayonida ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish, soha uchun professional kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani aytib o‘tildi. Keyingi yillarda Prezidentimizning muhim qarorlari asosida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati zamon talablari darajasida takomillashtirilib, kadrlarni maqsadli tayyorlashga qaratilgan yangi tizim yaratilgani e’tirof etildi.
Shuningdek, anjuman doirasida ta’lim muassasalari delegatsiyalari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Manfaatli muloqotlar yakunida IIV akademiyasi Xitoyning Chjenchjou politsiya universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Gonkong politsiya instituti, Rossiya Federatsiyasi IIV Rostov yuridik instituti hamda Ozarbayjon Respublikasi IIV politsiya akademiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzoladi.
Yuqori darajada o‘tgan konferensiya yakunida ta’lim sohasiga zamonaviy yondashuvlarni samarali tatbiq etish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ishtirokchilar tomonidan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan rezolyusiya qabul qilindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati