Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Xalqaro forum

21 Noyabr 2023, 08:11

654

Rossiya Federatsiyasi Jazoni ijro etish federal xizmati akademiyasida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus va boshqa davlatlardan soha mutaxassislari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda yuridik oliy ta’lim muassasalari vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.

To‘rt kun davom etgan forum doirasida dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyalar, ko‘rgazma va davra suhbatlari, seksiya ko‘rinishida muhokamalar tashkil qilindi. Ishtirokchilar jazoni ijro tizimidagi muammolar va ularning yechimlari, qonunchilikni takomillashtirish, jinoyat-ijroiya tizimida informatsion texnologiyalarni keng joriy qilish, sohani raqamlashtirish kabi muhim masalalarni muhokama qildilar.

Forumda IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etib, O‘zbekiston jinoyat-ijroiya tizimidagi o‘zgarishlar, xususan, jazo o‘tayotgan shaxslarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish, ilgari sudlanganlarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida ma’ruza qilishdi.

Shuningdek, IIV Akademiyasi vakillari Jazoni ijro etish federal akademiyasi faoliyati bilan tanishib, ta’lim sohasida hamkorlik va tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. IIV Akademiyasida yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy ta’lim jarayonlari, ayniqsa xorijiy davlatlar politsiya kadrlarini o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli dasturlar rossiyalik mutaxassislarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech