Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

XALQARO AHAMIYATGA MOLIK SEMINAR

26 Sentyabr 2023, 04:09

841

25-26-sentyabr kunlari IIV Akademiyasida BMTning Terrorizmga qarshi kurashish markazi (UNCCT) tomonidan ikki kunlik seminar o‘tkazildi.

Tadbir Yevropa Ittifoqi ko‘magi va qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida terrorizmga qarshi kurashishda o‘zaro tajriba almashish, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga yangi yondashuvlarni tatbiq etish, inson huquqlariga rioya qilgan holda terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. 

Seminar ochilishida Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adriyen, BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal Bryus va boshqalar so‘zga chiqdi.

– Hozirda O‘zbekiston BMTning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha barcha xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilgan, – dedi Akademiya boshlig‘i. – Mamlakatimiz olib borayotgan siyosat va uning jahon minbarlaridan e’lon qilingan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan qat’iy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu o‘rinda 2022-yilning mart oyida Toshkentda o‘tkazilgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyani alohida e’tirof etish joiz. Mazkur anjuman yakunlari bo‘yicha “Toshkent deklaratsiyasi”, shuningdek BMTning “Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha yangilangan Qo‘shma harakatlar rejasi” qabul qilindi. Ahamiyatli jihati, harakatlar rejasida terrorizmning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashish bo‘yicha jahon hamjamiyatining tashabbus va maqsadlari nazarda tutilgan.

Xorijiy va mahalliy         ekspertlar, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa vakolatli organlar mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etgan seminarda terrorizmga qarshi kurashishning texnologik jihatlarini takomillashtirish, xalqaro va mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning salohiyatini oshirish, ushbu murakkab jarayonlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Terrorizmga qarshi kurashishda yangi texnologiyalarni joriy etish, global xavf-xatarlarni prognoz qilish, bu borada ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kompaniyalari bilan hamkorlikni faollashtirish, zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.  

Xalqaro ekspertlar tomonidan terrorizmga qarshi kurashishda yuzaga kelayotgan tendensiyalar, texnologik yutuqlarning imkoniyatlari va istiqbollari haqida ma’lumot berilib, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining “Kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar bo‘yicha global dastur”iga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech