Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

XALQ DIPLOMATIYASI – XALQARO TERRORIZMGA QARSHI

23 Avgust 2022, 04:08

1062

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning Ostona sammitida (2017 yil iyun) muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xalq diplomatiyasi markazini ochish tashabbusi ilgari surilgan edi. Aytish joizki, tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar, shuningdek muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat muhitini kuchaytirish, turli sohalarda aloqalarini mustahkamlashda Xalq diplomatiyasi markazlarining o‘rni tobora ortib bormoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Xalq diplomatiyasi – xalqaro terrorizmga qarshi”  mavzuida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. ShHTning O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Bosh prokuratura hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari, ekspert va mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Seminar avvalida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ruftullo Nigmatov va ShHTning O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov so‘z olib, muhokama markazidagi mavzuning dolzarb ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tishdi.  

Ta’kidlab o‘tilganidek, ShHTning Toshkentdagi Xalq diplomatiyasi markazi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan a’zo davlatlar o‘rtasidagi ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. Dunyoda globalizatsiya va integratsiya jarayonlari kengayib borayotgan bir vaqtda xalq diplomatiyasi xalqaro munosabatlarning asosiy unsurlaridan biriga aylanmoqda. Markazning asosiy maqsadi – muloqotni yanada chuqurlashtirish, ShHT mamlakatlari va ularning xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishga ko‘maklashishdan iborat. Bu maqsadga erishish yo‘lida qo‘shma loyihalar va turli tadbirlarni amalga oshirish orqali xalqaro hamjamiyatni tashvishga solayotgan global muammolar, tinchlik va barqarorlikka qarshi qaratilgan tahdidlarning oldini olish borasida  keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda “Xalqaro terrorizm va ekstremizmga olib keluvchi omillarni bartaraf etishda xalq diplomatiyasining o‘rni”, “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda O‘zbekiston tajribasi”, “Xalq diplomatiyasining xalqaro terrorizmga qarshi kurashish faoliyatida millatlararo munosbatlarning roli va ahamiyati”, “Yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrashda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish: ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning zamonaviy usullari”, “Xalq diplomatiyasi – terrorizmning oldi olishda muhim vosita”, “Yoshlarda diniy mutaassiblashuvning oldini olishda ajdodlar ilmiy merosining ahamiyati” kabi mavzularda fikr-mulohazalar bildirildi. Muhokamalar yakuni bo‘yicha ilmiy-nazariy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech