Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida “Yangi O‘zbekistonning vatanparvar yoshlari” o‘quv yig‘inlari boshlandi.
O‘quv yig‘inlari Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan uyushmagan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, jamiyatimizda kechayotgan yangilanishlarga daxldorligini oshirish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz sog‘lom muhitni qaror toptirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Dasturga binoan, yoshlar bilan dolzarb mavzularda interaktiv darslar, psixologik suhbat va treninglar, sport musobaqalari, xorijiy tillar bo‘yicha mashg‘ulotlar, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy va huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi. Bundan tashqari, mahalliy hokimliklar, sektorlar, kasb-hunar o‘rgatuvchi va bandlikka ko‘maklashuvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda sayyor yarmarkalar uyushtirilib, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularga ijtimoiy-huquqiy ko‘mak berish choralari ko‘riladi.
Kezi kelganda o‘quv yig‘inlariga qizg‘in hozirlik ko‘rilganini ham aytib o‘tish joiz. Shinam sinfxonalar, sport maydonchalari, ovqatlanish va yuvinish joylari, kazarmalar ajratilib, barcha zarur anjomlar bilan jihozlandi.
Ayni kunlarda 300 nafar uyushmagan yoshlar o‘quv yig‘inlariga jalb qilingan. Yil yakuniga qadar qolgan yoshlarni ham qamrab olish maqsad qilingan. Ammo muhimi bunda emas, ustuvor masala ularning hayotda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish, yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish, ma’naviy tarbiyasiga hissa qo‘shishdir. Zero, Perzidentimiz ta’biri bilan aytganda, har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur.
IIV akademiyasi Axborot xizmati