Muhtaram Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”, deb ta’kidladi. Shu ma’noda, o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish ta’lim-tarbiya jarayonining muhim mezoni sanaladi.
Mazkur ustuvor vazifalardan kelib chiqib Ichki ishlar vazirligi akademiyasida navbatdagi ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Yoshlarni yurtga daxldorlik va ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning tanlagan kasbiga sadoqati va harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirga Ichki ishlar vazirligining Sirdaryo viloyatidagi akademik litseyi o‘quvchilari taklif qilindi.
Ochiq eshiklar kuni davomida o‘quvchilar ta’lim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar va zamonaviy imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Ichki ishlar organi bo‘lishni maqsad qilgan o‘g‘il-qizlar Akademiyaga kirish imtihonlari, kursantlarning kun tartibi, o‘quv jarayonlari, kasbiy va jangovar-jismoniy tayyorgarlikka qaratilgan mashg‘ulotlar, shuningdek iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangiliklar haqida boy taassurotga ega bo‘lishdi.
– Tadbir litseyimizning bitiruvchi bosqich kursantlari uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi Sherzod Mahmudov. – Bu yerdagi zamonaviy sharoitlarga hammamiz havas qildik. Ayniqsa saf maydoni, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, sport kompleksi, ovqatlanish va turar joy maskanlari ko‘rkam tarzda jihozlangan. Vatanparvarlik burchagi, eksponatlarga boy muzeyni tomosha qilish asnosida ko‘plab ma’lumotlar oldik.
Muloqot tarzida o‘tgan tadbir so‘nggida a’lochi kursantlar bilan uchrashuv tashkil qilinib, Akademiyadagi islohotlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati