Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Vatanni sevish haqida yangi kitob

11 Sentyabr 2024, 07:09

424

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Men ham harbiy bo‘laman” kitobining taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov, taniqli olimlar, yozuvchi va shoirlar, professor-o‘qituvchilar, kursantlar ishtirok etgan tadbirda mazkur risolaning yosh avlod kamolotidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z bordi.

Tadbir avvalida jonajon Vatanimiz madhiyasi yangradi.

O‘quv dargohi rahbari yurtimizda kechayotgan ulkan yangilanishlar jarayonida yoshlar taraqqiyotimizning hal qiluvchi kuchi, mustahkam tayanchiga aylanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi murakkab sharoitda yosh avlodning vatanparvarlik ruhini yuksaltirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani, yangi asar ular qalbiga yo‘l topishda muhim qo‘llanma bo‘lgani e’tirof etildi.

– Vatanparvarlik – tarixni o‘rganish, milliy o‘zlikni anglash, yurtni sevishdan boshlanadi. Uch ming yillik davlatchilik tariximiz mobaynida yurtimizdan buyuk allomalar, jahonga mashhur sarkardalar yetishib chiqqan. Dunyo tamaddunida o‘chmas iz qoldirgan bobolarimizning aqlu tafakkuri, avlodlarga qoldirgan bebaho merosi hali-hanuz jahon ahlini lol qoldirib kelmoqda. Yangi O‘zbekiston yoshlari ona Vatanimiz tarixini bilishi, milliy iftixor ruhi va daxldorlik hissi bilan kelajakka intilishi kerak, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek Hasanov.

Taqdimotda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faollari so‘z olib, Vatan tuyg‘usi, burch va sadoqat tushunchalari, mustaqillik tinchlik va osoyishtalikning qadr-qimmati, el-yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishning sharafli vazifa ekanligi haqida mulohaza yuritishdi. “Men ham harbiy bo‘laman” kitobi yoshlarni ezgu maqsadlar sari undaydigan, ularga ma’naviy kuch va motivatsiya beradigan qo‘llanma ekanligi aytib o‘tildi.

– Bizni inson sifatida ulug‘laydigan sadoqatli do‘st – bu kitobdir, – dedi siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayev. – Kitobga oshno bo‘lgan millat, xalq taraqqiyotga yuz tutadiki, aslo zavol topmaydi. Bugun yurtimizda adabiyotga, kitob mutolaasiga katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Buning zamirida kelajak avlodlarni buyuk ajdodlarimizga munosib voris etib kamol toptirishdek ulug‘ maqsad turibdi. 

Tadbir davomida milliy mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi. Akademiyada ta’lim olayotgan kursantlarga yangi kitoblar tuhfa qilindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech