Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

“Vatanni sevish – eng ulug‘ tuyg‘u”

19 Mart 2024, 07:03

723

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida professional boks ustasi Isroil Madrimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Xabaringiz bor, yaqinda hamyurtimiz Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan professional boks oqshomida rossiyalik Magomed Qurbonovga qarshi ringga ko‘tarilib, raqibini nokautga uchratgan holda yenggan edi. Bu yutuq evaziga Isroil birinchi o‘rta vazn toifasida “WBA” chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.

Akademiya tinglovchi va kursantlari bilan uchrashuvda Isroil chempionlik taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. “Har bir inson, avvalo, o‘z yurtini sevishi kerak. Vatan tuyg‘usi meni doim yangi marralar, g‘alabalar sari undaydi. Chempion bo‘lganinimda qalbimdan o‘tgan kechinmalarni so‘z bilan ifodalay olmayman. Xalqimiz, Prezidentimiz, ota-onam va yaqinlarim meni qo‘llab turganini his qilib turdim. Yurtimiz sha’nini munosib himoya qilish, yangi g‘alabalar bilan bayrog‘imizni jahon uzra mag‘rur ko‘tarish – eng oliy maqsadim”, dedi u.

Uchrashuv davomida Isroil bolalik yillari, sportga bo‘lgan kuchli ishtiyoqi, mamlakatimiz yoshlari uchun yaratilgan ulkan imkoniyatlar haqida gapirdi. El-yurt osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilishni maqsad qilgan kursantlarga motivatsion ruh berdi. Shu kuni chempion sportchimiz Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishib, murabbiylar bilan muloqot qildi.

Ma’lumot uchun, Ar-Riyoddagi bahsda Isroil professional boksdagi o‘n birinchi jangini o‘tkazdi. Uning raqibi Magomed Qurbonov esa faoliyatidagi 25 ta g‘alabali jangdan so‘ng ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech